Turizm qo‘mitasida “Umummilliy diktant” loyihasi o‘tkazildi
2026-10-15 17:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda Qo‘mita markaziy apparati xodimlari faol ishtirok etdi. Diktant orqali ishtirokchilarning o‘zbek tili imlo qoidalariga rioya etish, fikrni aniq va savodli ifoda etish, adabiy til me’yorlaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini yana bir bor mustahkamlashga e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda davlat tilida to‘g‘ri va ravon yozish, ayniqsa, davlat idoralari xodimlari uchun muhim kasbiy mezonlardan biri hisoblanadi. Rasmiy hujjatlar, axborot materiallari, murojaatlar va jamoatchilik bilan muloqotda til me’yorlariga rioya etilishi tashkilotning ish madaniyati va nufuzini namoyon etadi.
Turizm sohasida esa bu masala alohida ahamiyatga ega. Chunki turistik axborotlar, targ‘ibot materiallari, ekskursiya matnlari, axborot lavhalari va boshqa manbalar orqali mamlakatimiz tarixi, madaniyati va milliy qadriyatlari keng auditoriyaga yetkaziladi. Shu bois davlat tilidan savodli va ta’sirchan foydalanish soha xodimlarining muhim vazifalaridan biri sanaladi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan yozilgan diktant ishlari soha mutaxassislari tomonidan imlo, punktuatsiya, yozuv madaniyati va umumiy savodxonlik mezonlari asosida baholandi.
Baholash natijalariga ko‘ra, diktantni eng yuqori natija bilan yozgan xodimlar aniqlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu esa xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat tilini puxta o‘rganish va doimiy ravishda o‘z ustida ishlashga rag‘batlantirishga xizmat qildi.
“Umummilliy diktant” loyihasi Qo‘mita tizimida davlat tiliga hurmatni yanada mustahkamlash, xodimlarning yozma nutq madaniyatini yuksaltirish va o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini keng targ‘ib etishga qaratilgan ma’rifiy tashabbuslardan biri bo‘ldi.
O‘zbek tili — milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz va kelajagimizni bog‘lab turuvchi buyuk qadriyat!









