O‘zbekiston delegatsiyasi Chernogoriyada xalqaro turizm forumida ishtirok etmoqda
2026-10-13 10:40:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sandjar Tadjiyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Tadbir Yevropa va Osiyo mamlakatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, turistik aloqalarni kengaytirish hamda barqaror turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Forum doirasida Sandjar Tadjiyev nutq so‘zlab, O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, turizm salohiyati hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, xorijiy delegatsiyalar vakillari 2026-yil 25–27-noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2026) hamda 27-noyabr kuni BMT Turizm bilan hamkorlikda tashkil etiladigan “2027-yil — Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ning rasmiy ochilish marosimiga taklif etildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2027-yilning “Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” deb e’lon qilinishi mamlakatimizning global turizmni barqaror rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini xalqaro miqyosda ilgari surish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Tadbir doirasida Chernogoriya turizm vaziri Simonida Kordić hamda forumda ishtirok etayotgan qator xorijiy davlatlarning turizm sohasi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda ikki tomonlama turizm aloqalarini yanada rivojlantirish, o‘zaro turistlar oqimini oshirish, turizm tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma turistik tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasining forumdagi ishtiroki xalqaro turizm hamkorligini mustahkamlash, mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish hamda Toshkentda o‘tkaziladigan yirik xalqaro tadbirlarga xorijiy hamkorlarni jalb etishga xizmat qiladi.






