O‘zbekiston va BMT Turizm "2027 yil — Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili" ochilish marosimiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rishga kelishib oldi
2026-09-14 18:00:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida O‘zbekiston va BMT Turizm o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, turizmni barqaror rivojlantirish tamoyillarini ilgari surish, turistik yo‘nalishlarning raqobatbardoshligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda BMTning "2027-yil — Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yili"ning rasmiy ochilish marosimiga tayyorgarlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur marosim 2026-yil noyabr oyida Toshkent shahrida “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ochilish marosimini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 1-aprel kuni BMT Turizm rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surilgan edi.
Muzokaralarning muhim natijalaridan biri "2027-yil — Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yili"ning rasmiy ochilish marosimini o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimning imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat tadbirga amaliy tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, O‘zbekiston va BMT Turizm tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun zarur huquqiy va tashkiliy asosni yaratadi.
Ochilish marosimining Toshkent shahrida o‘tkazilishi barqaror va yashovchan turizm tamoyillarini xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mazkur nufuzli xalqaro tadbir O‘zbekistonning global turistik kun tartibini shakllantirishdagi faol ishtirokini yanada kuchaytirish va 2027-yil doirasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Bosh kotib Davlat Rahbari tomonidan ilgari surilgan Xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish jarayoni shaxsiy nazoratida ekanligi hamda davlatlar va xalqaro ekspertlar bilan ishlar jadallashtirilayotganini ma’lum qildi.
