O‘zbekiston — dunyodagi eng tinch mamlakatlar qatorida 37-o‘rinni egalladi
2026-09-07 16:50:00 / Yangiliklar

Institut for Economics & Peace (IEP) tomonidan e’lon qilingan “Global Peace Index 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 163 mamlakat orasida tinchliksevar mamlakat sifatida 37-o‘rinni egalladi. Mamlakatning reytingdagi umumiy ko‘rsatkichi 1,726 ballni tashkil etdi. E’tiborlisi, bir yil oldin mamlakatimiz 67-o‘rinda qayd etilgan edi.
O‘zbekiston xavfsiz va barqarorlik darajasi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi deb e’tirof etildi. Mintaqa mamlakatlari orasida Qozog‘iston 44-pog‘onani, Tojikiston — 47-pog‘onani, Qirg‘iziston — 61-pog‘onani, Turkmaniston esa 66-pog‘onani egalladi.
Indeks mamlakatlardagi tinchlik va barqarorlikni 23 ta ko‘rsatkich asosida baholab, ularni 3 ta asosiy yo‘nalishga birlashtiradi:
🔹 Jamiyat xavfsizligi va osoyishtaligi (Safety and Security) — mamlakatdagi jinoyatchilik, ijtimoiy xavfsizlik, siyosiy beqarorlik, terrorizm ta’siri, aholi xavfsizligi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar;
🔹 Davom etayotgan ichki va tashqi mojarolar (Ongoing Domestic and International Conflict) — ichki va xalqaro nizolar, mojarolarning davomiyligi va intensivligi, tashqi konfliktlarga jalb etilganlik kabi omillar;
🔹 Militarizatsiya darajasi (Militarisation) — harbiy xarajatlar, qurolli kuchlar, harbiy salohiyat va boshqa mudofaa bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar.
Shu jihatdan, reyting mamlakatning nafaqat ichki xavfsizligini, balki tinchlik va barqarorlikning keng qamrovli holatini aks ettirib, mamlakatning turistik jozibadorligini belgilaydigan muhim omillardan biri.
Xalqaro tadqiqotlar turistlarning manzil tanlash jarayonida xavfsizlik, terrorizm, jinoyatchilik va siyosiy beqarorlik bilan bog‘liq xavflarni inobatga olishini ko‘rsatadi. Ayniqsa, xavfni yuqori baholaydigan turistlar xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni tanlashga moyil.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning Global Peace Indexda 37-o‘rinni egallashi mamlakatning xalqaro turistik imidji uchun muhim ijobiy omil hisoblanadi.
