Malayziyalik talabalar O‘zbekiston bo‘ylab ijodiy safarini yakunladi
2026-09-02 12:00:00 / Yangiliklar

Safarning yakuniy va eng keng koʻlamli qismi Toshkentda oʻtdi. Guruh faoliyatining markazida Islom sivilizatsiyasi markazi turdi: mehmonlar bu yerda maxsus taʼlim dasturi, media-festival, "Muzeydagi tun" ekskursiyasi va multimediali mapping-shou dasturlarida ishtirok etib, boy foto va video material tayyorladi.
Poytaxtda talabalar Hazrati Imom majmuasi — Baroqxon madrasasi va Qaffol Shoshiy maqbarasida hamda Zarqaynar hunarmandchilik koʻchasida boʻlib, milliy hunarmandchilik va anʼanalarni oʻz kontentlarida aks ettirdi.
Guruh, shuningdek, Amaliy sanʼat muzeyi, Amir Temur muzeyi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi va Zamonaviy sanʼat muzeyiga tashrif buyurdi; Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri, "Navroʻz" etnografik bogʻi hamda "Magic City" va "Tashkent City" kabi zamonaviy majmualarni suratga olib, Toshkentning tarixiy va zamonaviy qiyofasini yaxlit tarzda taqdim etdi.
Ma’lumot o‘rnida, mehmonlar safarini Xivadan boshlab, Buxoro va Samarqand shaharlarida ham boʻldi. Ular “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi, Poyi Kalon, Registon maydoni, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi hamda “Konigil” sayyohlik qishlogʻi kabi maskanlarni suratga oldi.
Safar doirasida tayyorlangan materiallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok” va “YouTube” ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirilib, Oʻzbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi va turistik salohiyatini xorijiy auditoriyaga zamonaviy media formatlarda tanishtirishga xizmat qiladi. Loyiha, ayni vaqtda, Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga ham hissa qoʻshdi.






