Rasmiy bayonot: “Uzbek Gift Contest” tanlovining birinchi bosqichi 21-sentyabrga qadar uzaytirildi
2026-08-20 20:55:00 / Yangiliklar

Tanlovning birinchi bosqichida taqdim etilgan arizalarga Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov talablari va baholash mezonlari asosida ko‘rib chiqilganda tanlov talablariga muvofiq materiallar yetarli darajada taqdim etilmagani, bozorda mavjud suvenir namunalari takrorlangani, shuningdek, ayrim ishtirokchilar tomonidan boshqa mualliflarning tayyor mahsulotlari tanlov uchun taqdim etilgani qayd etildi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ayrim eskiz va dizaynlarni hunarmandlar qo‘l mehnati asosida tayyorlashi amaliy jihatdan murakkabligi ta’kidlandi.
Hakamlar hay’atining xulosalari va ular tomonidan bir ovozdan berilgan qaroriga muvofiq, “Uzbek Gift Contest” tanlovining birinchi bosqichi 21-sentyabrga qadar uzaytirildi. Shuningdek, 25 yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblarga beriladigan mukofot ham oshirilib, yutuq miqdori 12,5 million so‘m qilib belgilandi.
Shu o‘rinda, hozirgacha taqdim etilgan, tanlov mezonlariga javob beradigan loyihalar yakuniy baholashda ishtirok etishi ma’lum qilinadi. Qo‘shimcha muddat davomida ishtirokchilar tanlov talablariga mos, yangi milliy suvenirlar dizayni va eskizlarini taqdim etishlari mumkin.






