Toshkent va Izmir o‘rtasida ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi
2026-08-04 15:20:00 / Yangiliklar

Yangi aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlar oqimini oshirish, shuningdek, O‘zbekistonning turistik salohiyatini Turkiya hamda O‘rta yer dengizi mintaqasida yanada faol targ‘ib etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Ilk reys Toshkent xalqaro aeroportida aviatsiya an’anasiga muvofiq suv arkasi bilan tantanali kutib olindi. Yo‘lovchilar uchun milliy taomlar tortiq qilindi va bayramona fotozona tashkil etildi. Birinchi reys bilan O‘zbekiston poytaxtiga 170 nafar yo‘lovchi yetib keldi.
Toshkent va Izmir o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov ilk bor yo‘lga qo‘yildi. Reyslar haftasiga to‘rt marta — seshanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Boeing 737-800 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Yangi yo‘nalish O‘zbekistonning xalqaro aviaqatnovlari geografiyasini kengaytiradi, mamlakatning transport jihatdan ochiqligini oshiradi hamda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishishni istagan sayyohlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.



