O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish va “Umra Plus” loyihasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2026-08-03 17:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida “Umra Plus” yo‘nalishi doirasida ziyorat va diniy turizmni rivojlantirish, O‘zbekistonda ziyorat turizmi salohiyatini yanada oshirish, yangi xorijiy bozorlarni birgalikda o‘zlashtirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Assotsiatsiya tomonidan 2026-yilda amalga oshirilgan faoliyat yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Unda bajarilgan ishlar, tashkil etilgan yirik tadbirlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, bugungi kunga qadar Assotsiatsiya Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Marokash va O‘zbekistonda “Umra Plus” formatidagi xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil etgani qayd etildi. Mazkur tadbirlarda 2 mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, turizm sohasidagi vakolatli davlat organlari, turizm biznesi, xalqaro kompaniyalar hamda mahalliy aholi vakillari qatnashib, O‘zbekistonning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Bundan tashqari, ko‘rgazmalarda O‘zbekistonning turistik kompaniyalari ham faol ishtirok etib, xorijiy hamkorlar bilan 10 ga yaqin sheriklik aloqalarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgani ta’kidlandi.
Joriy yilning 27–28-iyun kunlari Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmaga alohida e’tibor qaratildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Malayziya va Saudiya Arabistonidan 200 dan ortiq yetakchi turoperatorlar, mehmonxona biznesi hamda yirik transport-logistika kompaniyalari vakillari faol ishtirok etdilar.
Uchrashuv yakunida Assotsiatsiya vakillari 2027-yilda O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib etishga qaratilgan o‘nta xorijiy mamlakatda yangi xalqaro ko‘rgazmalar turkumini tashkil etish bo‘yicha Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikni davom ettirish taklifini ilgari surdilar. Shu munosabat bilan qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash taklif etildi.



