Toshkent shahri dekabr oyida nufuzli xalqaro intellektual tadbirlarga mezbonlik qiladi
2026-08-03 16:30:00 / Yangiliklar

Muzokaralar davomida 2026-yil dekabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “STEAM AHEAD Global Finals – 2026” xalqaro final olimpiadasi hamda “Young Achievers Leadership Academy” yoshlar yetakchiligi akademiyasi dasturini yuqori saviyada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur xalqaro tadbirlar ikki hafta davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan 3 mingdan ziyod iqtidorli o‘quvchilar, yetakchi pedagoglar, xalqaro hakamlar hamda rasmiy delegatsiyalar vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda.
Dekabr oyi xalqaro turizm bozorida mavsumiy faollik nisbatan pasayadigan davr hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Toshkent shahrida bunday yirik intellektual forumlarning tashkil etilishi qishki mavsumda xorijiy tashriflar sonini oshirish, ishbilarmonlik va MICE-turizmini rivojlantirish hamda mamlakatning xalqaro turistik jozibadorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida mamlakatga tashrif buyuradigan minglab ishtirokchilar va ularning hamrohlari mehmonxona, transport, umumiy ovqatlanish, ekskursiya va boshqa turistik xizmatlarga bo‘lgan talabni oshirib, turizm sohasining turli yo‘nalishlarida iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishi kutilmoqda.
Shuningdek, ushbu yirik xalqaro forum O‘zbekistonning intellektual, ta’lim va MICE-turizmi yo‘nalishlaridagi salohiyatini keng namoyon etish, Toshkent shahrining zamonaviy xalqaro tadbirlar markazi sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlash hamda mamlakatning global maydondagi ijobiy imidjini yuksaltirishga xizmat qiladi.



