Rasmiy bayonot!
2026-07-22 07:25:00 / Yangiliklar

Ushbu holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
So‘nggi yillarda aholi farovonligi oshishi natijasida ularning xorijga sayohatlari ortmoqda. Xususan 2025 yilda 8 mln nafardan ortiq hamyurtlarimiz sayohatlarni amalga oshirgan.
Bundan kelib chiqib, chet elda bo‘lib turgan fuqarolarimizni favqulodda holatlarda evakuatsiya qilish, zaruriy choralarni ko‘rish hamda Vatanga qaytarish kun tartibidagi asosiy masalaga aylanmoqda.
Mavjud qonunchilikka ko‘ra, turoperator litsenziya asosida o‘z faoliyatini amalga oshirsa, turagent esa xabardor qilish tartibida ish yuritadi.
Yuzaga kelayotgan asosiy muammolar tahlil qilinganda, turagentlar orqali kafolatsiz safarga chiqqan turistlar xorijda og‘ir vaziyatlarga tushib qolmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy mamlakatlardagi sayohatlarini tartibga solish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi normativ-huquqiy hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyiha Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Daniya, Rossiya Federatsiyasi, Belorus va Qozog‘iston kabi davlatlardagi mavjud amaliyot asosida ishlab chiqildi.
Loyiha doirasida «Xavfsiz turizm» jamg‘armasini tashkil etish orqali Turoperatorlar uchun nazarda tutilayotgan 50 ming AQSh dollari favqulodda vaziyatlar oqibatida jabr ko‘rgan hamyurtlarimizga yetkazilgan zararni qoplash, shuningdek, ularni xorijdan evakuatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
Maqsadli yig‘imlar zaxira mablag‘i miqdori muayyan miqdordan oshganidan so‘ng, belgilangan tartibda kafolatli ravishda qaytariladi.
Qaror loyihasi joriy yilning 5 iyun va 6 iyul kunlari Turizm qo‘mitasida mahalliy va xorijiy turizm sohasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotlar davomida muhokama qilinib, ularning takliflari asosida takomillashtirildi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hayoti, xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning huquqiy hamda moliyaviy mexanizmlarini yaratishga qaratilgan.
Hozirda qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, turizm sohasi vakillari, tadbirkorlar hamda ekspertlar tomonidan bildirilayotgan barcha konstruktiv takliflar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Turizm qo‘mitasi jamoatchilikni qaror loyihasi mazmunini rasmiy manbalar orqali xolis baholashga hamda muhokamalarda faol ishtirok etishga chaqiradi.
