Navoiyda respublikada yagona bo‘lgan turizm ovuli tashkil etilmoqda
2026-07-16 15:40:00 / Yangiliklar

Turizm ovulida milliy uslubdagi mehmon uylari, hunarmandchilik ustaxonalari, milliy taomlar tayyorlanadigan oshxonalar, etnografik ko‘rgazmalar, dam olish maskanlari hamda bolalar uchun ko‘ngilochar maydonlar tashkil etiladi. Shuningdek, sayyohlar uchun tuya va ot sayrlari, xalq o‘yinlari, folklor dasturlari hamda mahalliy hunarmandlar ishtirokida mahorat darslari yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur tashabbusning amaliy natijalari bugunning o‘zidayoq Konimex tumanidagi “Yangiqazg‘an” turizm ovuli misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Hozirda bu yerda 60 ga yaqin oila turizm orqali barqaror daromad topmoqda. Ovulda 20 ta mehmon uyi va 10 ta hunarmand uyi faoliyat yuritmoqda.
Sayyohlarga milliy taomlar tayyorlash, sigir va tuyani sog‘ish, tandirda non yopish, echki hamda tuya junidan gilam va boshqa milliy mahsulotlar tayyorlash jarayonlarida bevosita ishtirok etish imkoniyati yaratilgan. Bu esa mehmonlarga milliy hayot tarzini yaqindan his etish, mahalliy aholi uchun esa qo‘shimcha daromad manbaini yaratmoqda.
2026-yilda “Yangiqazg‘an” turizm ovuliga 25 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu hududning xalqaro turizm bozoridagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Ayni paytda Konimex va Nurota tumanlarining cho‘l hududlarida faoliyat yuritayotgan 9 ta o‘tovli lager bir vaqtning o‘zida 900 nafargacha turistga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, yil davomida qariyb 50 ming nafar xorijiy sayyohni qabul qilmoqda. Turistlar tomonidan talabning yuqoriligi sababli 2026-yil mavsumi uchun o‘tovli lagerlardagi joylar xorijiy mehmonlar tomonidan to‘liq band qilingan.
Ushbu loyiha hududning turistik jozibadorligini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash va qishloq turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu tashabbus milliy hunarmandchilik, qadriyat va an’analarni asrab-avaylash bilan birga, ularni dunyoga keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha mamlakatimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning yana bir amaliy natijasi bo‘lib, kelgusida ushbu maskan O‘zbekistonning eng jozibador turistik yo‘nalishlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.



