Tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
2026-07-14 14:55:00 / Yangiliklar

Muloqotda tibbiy turizm O‘zbekiston uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri ekanligi ta’kidlandi. Mamlakatning qulay geografik joylashuvi, zamonaviy klinikalar tarmog‘ining kengayishi va tibbiy xizmatlar sifatining oshishi qo‘shni davlatlar hamda uzoq xorijdan keluvchi bemorlar sonini ko‘paytirish uchun mustahkam asos yaratayotgani qayd etildi.
Xususan, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va Turkmanistondan davolanish maqsadida kelayotgan tibbiy turistlar soni yil sayin barqaror o‘sib borayotgani ta’kidlandi.
Ochiq muloqotda tibbiy turizmni rivojlantirishning ustuvor vazifalari sifatida xorijiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari uchun info-turlar tashkil etish, «Davolanish + sayohat» turpaketlarini ommalashtirish, klinikalarning xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishini qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish madaniyati va mehmondo‘stlik standartlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ko‘p tilli maslahat xizmatlari, telemeditsina, onlayn qabul tizimlari, xalqaro PR kampaniyalari, tibbiy turizm sohasida kadrlar tayyorlash hamda elektron viza va bemorlarga hamrohlik qiluvchi shaxslar uchun qulayliklarni kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida soha vakillari bilan hamkorlikda tibbiy turizmning raqobatbardoshligini oshirish, xorijiy sayyohlar uchun yuqori sifatli va ishonchli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda O‘zbekistonni mintaqada yetakchi tibbiy turizm markazlaridan biriga aylantirish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.



