O‘zbekistonda yangi xalqaro darajadagi tog‘ kurorti kompleksi – “Beldersoy Resort and Spa” foydalanishga topshirildi
2026-07-10 17:05:00 / Yangiliklar

Tadbirda Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov, bir qator hamkor tashkilotlar rasmiylari hamda turizm biznesi vakillari ishtirok etishdi.
“Kompleksning faoliyat boshlashi mamlakatimizga tashrif buyuradigan sayyohlar geografiyasini kengaytirish, mintaqaning tog‘ va ekoturizm yo‘nalishlarini xalqaro bozorda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, turistlar oqimini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda iqtisodiyot rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu kabi ob’ektlarning ishga tushirilishi sayyohlarning hududda qolish muddatlari uzayishiga va turizm eksporti oshishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi”, deb ta’kidladi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov ochilish marosimida.
Kurort infratuzilmasi xalqaro talablar asosida shakllantirilgan bo‘lib, maskanni barpo etish uchun investorlar tomonidan jami 130 mln. dollar mablag‘lar yo‘naltirilgan. Majmuada 109 ta mehmonxona xonasi, 40 ta premium-klassdagi kottejlar, kanat yo‘llari, 3,5 kilometrli tog‘ chang‘isi trassasi, shuningdek, sog‘lomlashtirish majmuasi, yopiq spa-markaz va trenajyor zali, zamonaviy restoranlardan tashkil topgan.









