O‘zbekiston va Gruziya turizm hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
2026-07-01 18:30:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi turizm hamkorligini yanada kengaytirish, turoperatorlar o‘rtasida tizimli hamkorlikni rivojlantirish, Gruziya bozorida O‘zbekistonning boy turizm salohiyatini faol targ‘ib etish hamda Gruziyaga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlarni qo‘shimcha yo‘nalish sifatida O‘zbekistonga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar turizm sohasida amaliy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ko‘rib chiqdilar. Jumladan, xalqaro turizm ko‘rgazmalari va forumlari doirasida muntazam B2B uchrashuvlarini tashkil etish, Gruziya turoperatorlariga O‘zbekistondagi ishonchli qabul qiluvchi turoperatorlarni biriktirish hamda o‘zaro biznes aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘yicha yangi sayohat dasturlarini ishlab chiqish va Gruziya bozorida sotuvga chiqarish, madaniy, gastronomik, eno hamda ekologik turizm yo‘nalishlarida zamonaviy turizm mahsulotlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida turizm mahsulotlarini chuqurroq o‘rganish maqsadida O‘zbekiston va Gruziya turoperatorlarining o‘zaro tanishtiruv tashriflarini tashkil etish, turagentlar tarmog‘i uchun seminarlar, taqdimotlar va workshoplar o‘tkazish bo‘yicha aniq to‘xtamga kelindi. Bu borada joriy yilning avgust oyida Gruziyaning yetakchi turoperatorlari va turagentlari uchun O‘zbekistonga maxsus info-tur tashkil etishga kelishib olindi.
Shu bilan birga, Gruziya Turizm assotsiatsiyasi raisi Natalya Kvachantradze hamda mamlakatning yetakchi turizm kompaniyalari joriy yilning noyabr oyida o‘tkaziladigan “Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi”da ishtirok etishga taklif etildi.
Mazkur hamkorlik tashabbuslari O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi turizm aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, yangi turizm yo‘nalishlarini shakllantirish hamda ikki mamlakat turizm biznesi o‘rtasidagi uzoq muddatli va barqaror sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
