1 milliarddan ortiq ko‘rishlar: Turizm qo‘mitasi FIFA World Cup 2026 davomida Uzbekistan turizm brendini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish kampaniyasi natijalarini taqdim etdi
2026-06-30 15:25:00 / Yangiliklar

Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlar kunlarida jahon ommaviy axborot vositalarida mamlakat haqidagi materiallar soni ham, Visit Uzbekistan, Travel Uzbekistan va Uzbekistan Tour qidiruv so‘rovlari ham bir vaqtda sezilarli darajada oshgan. Eng yuqori o‘sish Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi o‘yinlar vaqtida kuzatildi.
Qiziqishning ortishi nafaqat ommaviy axborot vositalarida, balki internet foydalanuvchilarining qidiruv xatti-harakatlarida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu esa axborot darajasidagi e’tibor mamlakat va uning turizm salohiyatiga nisbatan amaliy qiziqishga aylanganini ko‘rsatadi. Turizm qo‘mitasi Google Trends va monitoring tizimi ma’lumotlari asosida o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi haftalarda “Uzbekistan Colombia World Cup 2026” so‘rovi bo‘yicha qidiruvlar 450 foizga oshgan, “Uzbekistan” so‘roviga umumiy qiziqish 40 foizga, “Tourism to Uzbekistan” mavzusiga oid qidiruvlar esa yana 10 foizga ko‘paygan. Bu xalqaro auditoriyaning O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibori tobora barqaror turistik qiziqishga aylanayotganini tasdiqlaydi.
Kampaniya doirasida Turizm qo‘mitasi Uzbekistan turizm brendining keng ko‘lamli xalqaro axborot targ‘ibotini ta’minladi. Mamlakat haqidagi materiallar 3 mingdan ortiq xalqaro ommaviy axborot vositalari va yangiliklar agregatorlarida e’lon qilindi. Auditoriyaning umumiy jalb etilishi esa 52 milliondan ortiq o‘zaro ta’sirni tashkil etdi. Materiallar nafaqat sport nashrlarida, balki BBC, ESPN, MSN, The Guardian, Fox News, Daily Mail, NDTV, VnExpress va boshqa yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalarida ham chop etildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining FIFA World Cup 2026 musobaqasidagi ishtiroki so‘nggi yillardagi eng hayajonli voqealardan biriga aylandi va butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlarning e’tiborini tortdi. Yuqori jamoatchilik qiziqishi, keng muhokamalar hamda xalqaro axborot makonidagi faol yoritilish mamlakatning xalqaro maydondagi tanilishiga qo‘shimcha turtki berdi va Turizm qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan axborot kampaniyasi samaradorligini yanada kuchaytirdi.
Kampaniyaning muhim yo‘nalishlaridan biri jahon chempionati o‘tkazilgan shaharlarda Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan keng ko‘lamli bevosita targ‘ibot dasturi bo‘ldi. Milliy turizm stendlari, rasmiy fan-zonalar va madaniy dasturlar orqali O‘zbekistonning turizm salohiyati xalqaro auditoriyaga namoyish etildi hamda salohiyatli sayohatchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatildi.
Kampaniyaning eng muhim loyihalaridan biri dunyodagi eng yirik aviatsiya markazlaridan biri bo‘lgan Atlanta xalqaro aeroportida O‘zbekistonning turizm salohiyatini taqdim etish bo‘ldi. Milliy pavilyon mamlakatning sayyohlik imkoniyatlarini namoyish etuvchi asosiy maydonlardan biriga aylandi. Unda O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdimotlari, madaniy dasturlar va bo‘lajak sayohatchilar bilan bevosita uchrashuvlar tashkil etildi.
Turizm qo‘mitasi bundan buyon ham yirik xalqaro tadbirlarni O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishning muhim vositasi sifatida foydalanishda davom etadi.
FIFA World Cup 2026 tajribasi shuni ko‘rsatdiki, tizimli xalqaro kommunikatsiya ishlari nafaqat rekord darajadagi axborot qamrovini ta’minlaydi, balki jahon auditoriyasining e’tiborini O‘zbekistonga sayohat qilishga bo‘lgan barqaror qiziqishga izchil aylantirish hamda mamlakatning turizm brendini mustahkamlashga xizmat qiladi.









