Yaponiyaning yetakchi turoperatorlari O‘zbekistonning turistik salohiyati bilan tanishmoqda
2026-06-25 19:05:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida mehmonlar Toshkent shahri, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida bo‘lib, mamlakatimizning boy madaniy merosi obyektlari, zamonaviy turistik infratuzilmasi, tabiiy diqqatga sazovor maskanlari hamda turizmning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Dastur doirasida o‘zbekistonlik turizm kompaniyalari vakillari bilan B2B uchrashuvlari ham tashkil etildi. Uchrashuvlarda o‘zaro sheriklik aloqalarini rivojlantirish, yangi turistik mahsulotlar yaratish va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Bunday tanishuv tashriflari O‘zbekistonni xalqaro turizm bozorida targ‘ib qilishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi. Ularning muntazam tashkil etilishi xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish va turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2026-yilning yanvar–may oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga tashrif buyurgan yapon sayyohlari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63 foizga oshgani mamlakatimizga bo‘lgan qiziqish izchil o‘sib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda.









