Toshkentda “Umra plyus va ziyorat turizmi” IV xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi
2026-06-23 17:55:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon hamda Saudiya Arabistonidan 200 dan ortiq turoperator, mehmonxona va transport kompaniyalari vakillarini bir maydonga jamlaydi. Ko‘rgazma “Umra+ O‘zbekiston” loyihasi doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish, mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda yangi biznes imkoniyatlarini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir davomida turistik tashkilotlar o‘z stendlarini namoyish etib, “Umra+” yo‘nalishi bo‘yicha B2B uchrashuvlar, muzokaralar va hamkorlik kelishuvlarini o‘tkazadilar. Bu esa mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yangi loyihalar va turistik mahsulotlarni shakllantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.
“Umra plyus O‘zbekiston” loyihasi so‘nggi yillarda Turkiya, Malayziya va Indoneziya kabi davlatlarda muvaffaqiyatli taqdim etilib kelinmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi Umra safarini amalga oshiruvchi xorijiy sayyohlarni O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, muqaddas qadamjolari va zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
Toshkentda o‘tkaziladigan mazkur ko‘rgazma ushbu tashabbusning navbatdagi muhim bosqichi bo‘lib, mahalliy turistik tashkilotlarga O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va boshqa tarixiy shaharlari bo‘ylab sayohatlarni Umra dasturlari bilan uyg‘unlashtirgan holda xalqaro bozorda taklif etish imkoniyatini yaratadi.
Ko‘rgazma ziyorat turizmi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar, mehmonxonalar, transport operatorlari, turizm sohasi mutaxassislari hamda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor tashkilotlar uchun muhim uchrashuv maydoniga aylanishi kutilmoqda.
Tadbirda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish:
https://registration-expo2026.vercel.app/register
Sana: 2026-yil 27–28-iyun.
Manzil: Toshkent shahri, Humo Arena majmuasi.
