O‘zbekiston va Haberler.com mamlakatning turistik salohiyati hamda investitsion imkoniyatlarini targ‘ib etish masalalarini muhokama qildi
2026-06-18 11:30:00 / Yangiliklar

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistonning turistik salohiyatini Turkiya bozorida targ‘ib qilish, turizm sohasiga investitsiyalarni jalb etish hamda kino ishlab chiqarish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda O‘zbekistonni Turkiyaning yetakchi media platformalari orqali targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, mamlakatning Turkiya axborot makonidagi ishtirokini kengaytirish turistlar oqimining yanada ortishiga, milliy turizm brendining tanilishiga hamda ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Uchrashuvning alohida mavzularidan biri turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun turkiyalik investorlarni jalb etish masalasi bo‘ldi. Tomonlar yangi mehmonxona va restoran obyektlarini barpo etish istiqbollarini muhokama qilib, O‘zbekistonda investitsiya qonunchiligini takomillashtirish, investorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish hamda biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar keng imkoniyatlar yaratib berayotganini ta’kidladilar.
Shuningdek, kinematografiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, O‘zbekiston hududida loyihalarni amalga oshirish uchun turkiyalik prodyuserlik kompaniyalari va suratga olish guruhlarini jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, kino industriyasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning joriy etilayotgan mexanizmlari, jumladan, “Film Rebate” tizimi xalqaro kinoproduserlar uchun qo‘shimcha rag‘batlar yaratib, mamlakatning turistik salohiyatini xorijiy bozorlarda targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizm, investitsiyalar, media hamda kreativ industriyalar sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib qilish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda ikki mamlakatning biznes va media hamjamiyatlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.


