Janubiy koreyalik blogerlar O‘zbekistonning turistik xilma-xilligini kashf etmoqda
2026-06-10 14:35:00 / Yangiliklar

Tashrif dasturidan Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari o‘rin oldi. Mehmonlar ushbu shaharlarda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, ziyorat turizmi obyektlari, milliy hunarmandchilik an’analari hamda zamonaviy turistik maskanlarini kashf etdilar.
Press-turda Janubiy Koreyaning eng ommabop sayohat blogerlari ishtirok etdilar. Ular mamlakatdagi eng yirik blog platformasi hisoblangan Naver Blog orqali o‘z sahifalarini yuritadilar. Janubiy Koreya aholisining katta qismi uchun ushbu platforma sayohatlarni rejalashtirish, turistik yo‘nalishlarni tanlash va safar oldidan tavsiyalar olishda asosiy axborot manbalaridan biri hisoblanadi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, blogerlar O‘zbekiston haqidagi taassurotlarini o‘z auditoriyalari bilan bo‘lishmoqda. Ular mamlakatning boy madaniy merosi, turistik xilma-xilligi hamda zamonaviy sayohat imkoniyatlarini keng jamoatchilikka tanishtirmoqda.
Bunday press-turlar O‘zbekistonning turistik salohiyatini xalqaro bozorda targ‘ib qilish, mamlakatning xorijiy auditoriya orasidagi tanilganligini oshirish va yangi sayyohlarni jalb etishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatiga to‘liq mos keladi.


