O‘zbekistonga 5 oyda 5,3 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi
2026-06-05 18:10:00 / Yangiliklar

Turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va hududlar iqtisodiy faolligini kuchaytirish maqsadida viza tartib-taomillari sezilarli darajada soddalashtirildi. Bugungi kunda ko‘plab davlatlar fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilingan bo‘lib, elektron viza tizimi imkoniyatlari ham kengaytirildi. Bu esa mamlakatga kirish jarayonlarini yengillashtirib, O‘zbekistonning xalqaro turistik bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatning boy madaniy-tarixiy merosi, ziyorat turizmi, ekoturizm, gastronomik, tibbiy va tog‘ turizmi salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xorijiy ommaviy axborot vositalari, xalqaro ko‘rgazmalar, turistik yarmarkalar va raqamli platformalar orqali O‘zbekistonning milliy turizm brendi faol ilgari surilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar natijasida joriy yilning may oyida mamlakatimizga turizm maqsadida 1,3 mln nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga jami 5 mln 352 mingdan ortiq turistlar kirib keldi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 mln 148 ming nafarga yoki 27,3 foizga ko‘pdir. Mazkur o‘sish sur’atlari O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan turistik yo‘nalishlardan biriga aylanib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Hisobot davrida mamlakat tomonidan 2 mlrd 244 mln AQSh dollari miqdorida turizm xizmatlari eksporti amalga oshirildi. Bu esa turizm sohasining mamlakat iqtisodiyotiga valyuta tushumlarini ta’minlash, xizmatlar sohasini rivojlantirish va aholi bandligini oshirishdagi ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
