Trip.com O‘zbekiston turizm salohiyatini Osiyo bozorlarida faol targ‘ib qiladi
2026-05-27 22:00:00 / Yangiliklar

Ta’kidlanganidek, Trip.com Group dunyodagi yetakchi global onlayn turistik agregatorlardan biri bo‘lib, 500 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega. Platforma 2 millionga yaqin mehmonxona va dunyoning yuzlab yirik aviakompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Ayniqsa, Xitoy va Osiyo bozorlarida sayohatlarni tashkil etishda keng ommalashgan.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston turizm bozorini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekistonning turistik salohiyatini nafaqat Xitoy bozorida, balki Tailand, Malayziya va Indoneziya bozorlarida ham faol targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladilar.
Muzokaralarda yangi bozorlardan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish, qo‘shma marketing kampaniyalarini amalga oshirish hamda mamlakatning turistik yo‘nalishlarini xalqaro raqamli platformalar orqali keng targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Trip.com o‘rtasidagi mavjud hamkorlik natijalari ham yuqori baholandi. Xususan, “Trip.com” platformasi orqali O‘zbekiston shaharlariga 48 mingta aviachipta, 63 mingta mehmonxona xonalari hamda 5 mingta tayyor turistik paketlar sotilgan.
Tomonlar 2026 yil davomida Xitoyning Douyin, Weibo va Rednote ijtimoiy tarmoqlarida “Go Uzbekistan” targ‘ibot kampaniyasini amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar. Loyiha doirasida O‘zbekistonga oid kontentlar ko‘rishlar sonini 150 millionga yetkazish va qo‘shimcha 100 ming nafar sayyoh jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, uchrashuvda Samarqand, Buxoro va Toshkentdan tashqari Xiva, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysi kabi yangi turistik yo‘nalishlarni ham xalqaro bozorlarda faol targ‘ib qilish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar mehmonxona va turoperatorlar uchun qo‘shma master-klasslar tashkil etish, O‘zbekistonning milliy turistik platformasini Trip.com uchun mahalliy servis hamkori sifatida rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish hamda sun’iy intellekt asosidagi sayohat rejalashtirish texnologiyalari bo‘yicha tajriba almashish masalalarini ham muhokama qildilar.




