Gastronomik ekspeditsiya O‘zbekiston hududlarining turizm salohiyatini namoyon etmoqda
2026-05-26 16:40:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha O‘zbekiston hududlarining turizm salohiyatini targ‘ib qilish, milliy taomlarni xalqaro miqyosda ommalashtirish va gastronomik turizmni sohaning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirishga qaratilgan.
Ekspeditsiya doirasida tadqiqotchilar, gastronomiya ekspertlari va OAV vakillaridan iborat delegatsiya Toshkent, Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Rishton, Chust va Namangan shaharlariga tashrif buyurib, hududlarning gastronomik an’analari, mahalliy mahsulotlari hamda oilaviy retseptlari bilan tanishdi.
Diqqat markazida — oshxonasi orqali namoyon bo‘layotgan haqiqiy O‘zbekiston. Ekspeditsiya davomida ekspertlar lag‘mon, palovning 7 turi, somsaning 10 dan ortiq turi, mastava, mashkichiri va boshqa taomlarni o‘rganib, o‘zlari ham tayyorlab ko‘rishdi.
Alohida e’tibor Farg‘ona vodiysi, mahalliy bozorlar va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analarga qaratildi.
Loyiha yakunlari bo‘yicha foto va videomateriallar, hujjatli reportajlar, intervyular hamda tahliliy tadqiqotlar tayyorlandi. Ular kelgusida Rossiya bozorida o‘zbek milliy taomlari va O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishda foydalaniladi.
Bugungi kunda gastronomik turizm mamlakatning xalqaro jozibadorligini oshiruvchi muhim omillardan biriga aylanmoqda. Shu kabi loyihalarning amalga oshirilishi O‘zbekistonni sayyohlar nafaqat tarixiy va madaniy meros, balki xalqimizning turmush tarzi va an’analarining ajralmas qismi bo‘lgan boy milliy oshxona bilan ham tanishishi mumkin bo‘lgan yo‘nalish sifatida targ‘ib etishga xizmat qiladi.









