“Rahbar va yoshlar” uchrashuvida kitobxonlik madaniyatiga e’tibor qaratildi
2026-05-07 17:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda qo‘mita rahbariyati, yosh xodimlar hamda faol kitobxonlar ishtirok etib, mutolaa madaniyatini rivojlantirish va yoshlarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida kitobning inson tafakkuri, dunyoqarashi va kasbiy salohiyatini oshirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik muhitini yanada kengaytirish, zamonaviy va qiziqarli adabiyotlarga bo‘lgan qiziqishni oshirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Tadbirda ishtirok etgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi hamda sevimli asarlari haqida fikr almashdi. Ayrim yoshlar tomonidan kitobxonlik tanlovlari, muntazam adabiy uchrashuvlar va elektron kutubxonalarni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning ma’naviy kamolotini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha bunday muloqotlarni doimiy ravishda o‘tkazib borish muhim ekani qayd etildi.






