Imom Buxoriy majmuasi Turkiya ommaviy axborot vositalari diqqat markazida
2026-05-06 14:10:00 / Yangiliklar

Maqolalarda Markaziy Osiyo azaldan buyuk allomalar vatani ekani, ular orasida Imom Buxoriy islom sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin tutishi alohida yoritilgan. Uning “Sahihi Buxoriy” asari Qur’oni karimdan keyingi eng muhim manbalardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Shuningdek, materiallarda allomaning hayoti va ilmiy faoliyati, hadis ilmiga qo‘shgan ulkan hissasi, ilm yo‘lida amalga oshirgan safarlari va shogirdlar yetishtirishdagi o‘rni batafsil yoritilgan. Samarqand yaqinida joylashgan Imom Buxoriy majmuasining tarixi, uni qayta tiklash jarayonlari hamda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Qayd etilishicha, majmua O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2018-yildan buyon rekonstruksiya qilinib, kengaytirildi. Uning tarkibiga zamonaviy masjid, muzey, mehmonxonalar va boshqa infratuzilma obyektlari kiritilib, yirik madaniy-ziyorat markazi shakllantirildi.
Nashrlarning ta’kidlashicha, bugungi kunda Imom Buxoriy majmuasi nafaqat ziyoratgoh, balki islom tarixi va ilmiy merosini o‘rganishga xizmat qiladigan muhim ma’naviy, ilmiy va madaniy markazga aylangan.
Xususan, majmua qoshida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari barpo etildi. Jumladan, 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh qurilgan. Natijada Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega
Xabar qilinganidek, majmuaning o‘zi Samarqandning, yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi. Uning maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi. Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlab turibdi.
