O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish muhokama qilindi
2026-05-04 12:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi. Yig‘ilish davomida O‘zbekistonning boy tarixiy va diniy merosi Indoneziya bozorida katta qiziqish uyg‘otayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaqinda ochilgan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy Majmuasi to‘g‘risidagi videorolik namoyish etildi.
Muzokaralarda Indoneziyalik sayyohlar uchun Imom Buxoriy maqbarasi, Bahovuddin Naqshband majmuasi va Imom Moturidiy maqbarasi kabi muqaddas qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, maxsus turpaketlar ishlab chiqish, gidlar tayyorlash va indonez tilida axborot materiallarini ko‘paytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va Indoneziya bozorida O‘zbekiston ziyorat turizmini faol targ‘ib qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.



