Samarqand yana sport turizmi markaziga aylanadi
2026-05-04 10:40:00 / Yangiliklar

Dunyoning eng qadimiy shaharlaridan birida yarim marafon tashkil etilishi hududning turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi hamda O‘zbekistonni faol sayohatlar yo‘nalishi sifatida yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.
Tadbir inklyuziv muhitni rivojlantirish, sport turizmini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan. U professional sportchilar, yugurish ixlosmandlari va sayyohlarni birlashtirib, ochiqlik va xalqaro muloqot muhitini yaratadi.
Marafon yo‘nalishi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u Samarqandning asosiy diqqatga sazovor joylari orqali o‘tadi. Ishtirokchilar va tomoshabinlar Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi va Bibixonim masjidini ko‘rish imkoniga ega bo‘ladilar. Sport va tarixning bunday uyg‘unligi shahar boy merosini zamonaviy va dinamik formatda namoyon etadi.
Yarim marafon dasturiga 21,1 km masofa, shuningdek 2, 5 va 10 km yugurishlar, bolalar va inklyuziv startlar kiradi. Bu esa tadbirni keng auditoriya uchun ochiq qiladi hamda ommaviy sportni rivojlantirish va turli tayyorgarlik darajasiga ega sayyohlarni jalb etishga xizmat qiladi.
Har yili yarim marafon o‘z nufuzini xalqaro miqyosda mustahkamlab bormoqda. Xorijiy yuguruvchilarning ishtiroki, keng media yoritilishi va yuqori darajadagi tashkilotchilik uni sport turizmi taqvimidagi muhim voqealardan biriga aylantirmoqda.
