Turizm qo‘mitasida rais o‘rinbosarining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-05-01 11:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida rais o‘rinbosari turizm sohasida amalga oshirilayotgan joriy o‘zgarishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi, jahon bozoridagi asosiy tendensiyalarni belgilab berdi hamda bugungi kunda soha mutaxassislariga qo‘yilayotgan talablar haqida so‘zlab berdi.
Alohida e’tibor yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratildi. Bu borada yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sport va sog‘lom ovqatlanish madaniyatini keng targ‘ib etish muhim ekani ta’kidlandi. Shuningdek, turizm sohasida faoliyat yurituvchi yoshlar uchun sog‘lom turmush tarzi nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki mehnat samaradorligini oshirishda ham muhim omil ekani qayd etildi. Ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, turli sport tadbirlari va sayyohlik marshrutlariga jalb qilish orqali sog‘lom muhitni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, uchrashuvda videokonferensiya orqali ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi vakillari xorijda istiqomat qilayotgan, ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan O‘zbekiston yoshlarini huquq va manfaatlarini himoya qilish, yoshlar orasida milliy qadriyatlar, o‘zbek tili va madaniyatini targ‘ib qilish, ilm-fan, sport va san’at sohasida muvaffaqiyatga erishayotgan yoshlarni rag‘batlantirish va ularning salohiyatini O‘zbekiston ravnaqiga yo‘naltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdilar.
Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi. Uchrashuv yakunida yoshlarga o‘z bilim va salohiyatini to‘liq namoyon qilish, yurtimiz turizm salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lida faol ishtirok etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.









