Samarqandda triatlon bo‘yicha jahon chempionati g‘oliblari aniqlandi
2026-04-26 10:40:00 / Yangiliklar

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi raisi, mamlakat triatlon federatsiyasi rahbari Viktor Mahmudov, shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati qatnashib, ishtirokchilarga omad tiladilar.
Chempionatda 28 davlatdan 100 ga yaqin mahoratli sportchilar ishtirok etdi. Jahon chempionati dasturiga muvofiq, atletlar 1,5 kilometr masofada suzish, 40 kilometr velopoyga va 10 kilometrga yugurish bahslarida o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
43 nafar atlet qatnashgan “World Triathlon Championship Series – 2026”ning ayollar o‘rtasidagi bellashuvida Buyuk britaniyalik Beth Potter birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni fransiyalik Leone Perolt, uchinchi o‘rinni esa Lyuksemburg vakilasi Janni Lehar egalladi.
Erkaklar bahsida esa 52 nafar atlet o‘zaro bellashdi. Unda portugaliyalik Vasko Vilaja yuqori sport formasida ekanini namoyish etib birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Germaniya vakili Genri Grafga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni kanadalik Charlez Paket qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlarini Jahon triatlon tashkiloti prezidenti Antonio Arimani hamda O‘zbekiston triatlon federatsiyasi rahbari Viktor Mahmudov taqdirladi.
Bugun, 26-aprel kuni paratriatlon bo‘yicha jahon kubogi World Triathlon Para Cup o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar o‘z toifasi bo‘yicha bahslarga kirishib, atletlar o‘z gidlari bilan 750 metrga suzish, 19 kmga velopoyga va 5 kmga yugurish dasturlarida bahslashishadi.







