Turizm qo‘mitasida rais o‘rinbosarining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-04-10 16:30:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Bobokalonov, bugungi kunda turizm sohasida yuz berayotgan tub o‘zgarishlar, jahon turizm bozoridagi zamonaviy tendensiyalar, soha mutaxassislari oldiga qo‘yilayotgan yangi vazifalar, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, talabalarning amaliyotlarini samarali tashkil etish, ularni ish bilan ta’minlash, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, talabalar tomonidan innovatsion loyihalarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish kabi dolzarb masalalar haqida ma’lumot berdi.
Mazkur uchrashuv Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ruhi bilan uyg‘un holda tashkil etilgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi. Zero, buyuk sarkarda va davlat arbobining “Kuch — adolatda” degan hayotiy tamoyili bugungi yoshlar uchun ham dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Ishtirokchilar Amir Temur merosini chuqur o‘rganish, uning davlatchilik va bunyodkorlik borasidagi boy tajribasidan ilhomlanib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdilar.
Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi. Ayniqsa, turizm sohasini raqamlashtirish, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish, yangi turistik yo‘nalishlar yaratish hamda xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha yoshlarning ilg‘or g‘oyalari alohida e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida yoshlarga o‘z bilim va salohiyatini to‘liq namoyon qilish, yurtimiz turizm salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lida faol ishtirok etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.








