Toshkentda mehmonxona va restoran biznesi vakillari bilan amaliy muloqot o‘tkazildi
2026-03-31 10:45:00 / Yangiliklar

Unda vazirlik va idoralar vakillari bilan bir qatorda 180 ga yaqin mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, shuningdek, restoran va kafe sohasi vakillari ishtirok etdi. Mazkur uchrashuv turizm xizmatlarining eng muhim segmentlaridan biri hisoblangan mehmonxona va umumiy ovqatlanish sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, mehmonlarga yaratilayotgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, raqamli texnologiyalarni joriy etish va kadrlar malakasini oshirish masalalari keng muhokama qilindi.
Ayniqsa, turistlarni jalb etishda servis madaniyatining o‘rni, mehmonxona infratuzilmasini zamonaviylashtirish, onlayn bron qilish tizimlarini takomillashtirish hamda xalqaro mehmonlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi tashkilotlar vakillaridan bevosita javob olish imkoniga ega bo‘ldi. Bu esa muloqotning amaliy ahamiyatini yanada oshirib, sohadagi muammolarni joyida hal qilish imkonini berdi.
Tadbir doirasida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini jalb etish va xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi. Ochiq muloqot yakunida esa davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, sohadagi muammolarni tizimli hal etish va xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.









