O‘zbekiston bo‘ylab “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida sayohatlar tashkil etilmoqda
2026-03-25 17:35:00 / Yangiliklar

“Yoshlar turizmi haftaligi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-232-sonli qaroriga muvofiq oʻtkazilib kelinmoqda.
Haftalik doirasida tashkil etilayotgan sayohatlar yoshlarning tarixiy-madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimiz va yurtimizning betakror tabiat manzaralari bilan yaqindan tanishishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, mazkur tadbirlar orqali yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ichki turizmga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish maqsad qilingan.
Bundan tashqari, sayohatlar davomida ishtirokchilar uchun turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, madaniy tadbirlar va ko‘ngilochar dasturlar tashkil etilmoqda. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish va yangi do‘stlik aloqalarini o‘rnatishiga keng imkoniyat yaratmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu haftalik doirasida respublikadagi joylashtirish vositalari tomonidan 20 foizgacha chegirmalar joriy etildi. Shu bilan birga, Madaniy meros agentligi va “Vaqf” xayriya fondi tasarrufidagi ziyoratgohlarga yoshlar 10 foizlik chegirma bilan kirishi belgilandi.
Shu bilan birga, Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat teatrlarida teatr muxlislari 21-27-mart kunlari “Teatr tomoshalar haftaligi” doirasida bepul tomoshalar namoyishiga ochiq kassalardan taklifnoma olish orqali tashrif buyurishlari mumkinligi ma’lum qilinadi.
“Yoshlar turizmi haftaligi”da faol ishtirok eting – O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!









