O‘zbekistonda turizmning rivojlanishi va mehmonxona infratuzilmasiga xalqaro investitsiyalarning ortishi
2026-03-24 09:30:00 / Yangiliklar

Bu tendensiyaning yorqin namunalaridan biri, yetakchi xalqaro mehmonxonalar guruhi sanalgan Accor tomonidan boshqariladigan yangi Mercure Tashkent North xalqaro mehmonxonasining ochilishidir. 1967-yilda asos solingan ushbu kompaniya 110 mamlakatda 5300 dan ortiq mehmonxona va 10 mingta restoranni boshqaradi hamda ekonomdan tortib lyuks segmentgacha bo‘lgan keng turdagi brendlarni taklif etadi. Yangi to‘rt yulduzli mehmonxona Toshkent xalqaro aeroportiga yaqin joylashgani sayyohlar uchun ham, ishbilarmon mehmonlar uchun ham qulaylik yaratadi. Mercure Tashkent North o‘zida qulaylik, o‘ziga xos uslub va xalqaro mehmondo‘stlik standartlarini mujassam etgan bo‘lib, zamonaviy xonalar, mahalliy va xalqaro taomlarning o‘ziga xos talqinini taqdim etuvchi restoran, ishbilarmonlik va shaxsiy tadbirlar uchun anjuman zallari, shuningdek, hordiq chiqarish va kuch-quvvatni tiklash uchun spa-markazini taklif qiladi.
O‘zbekiston ishbilarmonlik va madaniy turizm uchun yangi imkoniyatlar ochib, xalqaro mehmonxona operatorlari e’tiborini tobora ko‘proq o‘ziga jalb qilmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda Hyatt, Hilton, Marriott, Accor va Radisson kabi dunyoning yetakchi mehmonxona brendlari faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda mamlakatdagi joylashtirish vositalarining umumiy soni 6 921 taga, o‘rinlar fondi esa 185,6 ming o‘ringa yetdi, bu esa sayyohlarning qulay joylashishi uchun imkoniyatlarni sezilarli darajada kengaytiradi. Xalqaro brendlarning kirib kelishi xizmat ko‘rsatish standartlarini oshirishga hamda zamonaviy va raqobatbardosh mehmondo‘stlik sohasini shakllantirishga yordam bermoqda.
Sohani rivojlantirishga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni 2030-yilgacha rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida hamda “O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida turizmning strategik ahamiyati ta’kidlab o‘tilgan. Xususan, xalqaro brendlar ostidagi mehmonxonalar sonini ikki baravarga oshirish, o‘rinlar fondini 240 ming o‘ringa yetkazish, brendli mehmonxonalarni qurish va jihozlash bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash, turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda milliy turistik mahsulotni xorijda targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan.
Mehmonxonaning ochilish marosimida turizm sohasi, biznes doiralari, diplomatik korpus hamda davlat idoralari vakillari jam bo‘ldi. Tadbir doirasida O‘zbekistonning boy merosi va mehmondo‘stlik an’analarini namoyon etuvchi madaniy dastur taqdim qilindi.
“Mercure Tashkent North” mehmonxonasining ochilishi mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligi ortib, xalqaro sayyohlik maydonidagi mavqei mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Mehmonxona infratuzilmasining rivojlanishi va yirik jahon brendlarining kirib kelishi xizmat ko‘rsatishning yangi standartlarini shakllantirib, O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirmoqda hamda ishbilarmonlik tadbirlari va xalqaro anjumanlar o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.









