Oʻzbekiston B-Travel 2026 xalqaro turizm koʻrgazmasi hamkor mamlakati
2026-03-20 21:55:00 / Yangiliklar

Koʻrgazma 20–22 mart kunlari davom etadi va unda dunyoning turli mamlakatlaridan turizm sohasi vakillari, kompaniyalar hamda xalqaro tashkilotlar qatnashmoqda.
Bu yil Oʻzbekiston koʻrgazmaning markaziy ishtirokchilaridan biri sifatida oʻzining boy tarixiy-madaniy merosi, sayyohlik salohiyati va zamonaviy turizm imkoniyatlarini keng namoyish etmoqda.
Xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi Buyuk Ipak yoʻli shaharlari, milliy anʼanalar, gastronomiya va yangi turistik yoʻnalishlar xalqaro auditoriyaga taqdim qilinmoqda. Hamkor mamlakat maqomi Oʻzbekistonga koʻrgazma doirasida keng koʻlamli taqdimotlar oʻtkazish va xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borish imkonini bermoqda.
Koʻrgazmaning birinchi kunidayoq Oʻzbekiston milliy stendi doirasida 8 ta turizm kompaniyalari faol ishtirok etmoqda. Ular oʻz turistik mahsulotlarini namoyish etib, yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va Yevropa bozorida Oʻzbekiston turizmini targʻib qilish ustida ishlamoqda. Shu bilan birga, birinchi kun davomida Oʻzbekiston milliy stendiga turizm sohasining yuqori darajadagi rahbarlari, Kataloniya turizm tashkiloti vakillari, Barselona shahar turizm kengashi mutasaddilari, hududiy turizm boshqaruvi vakillari, vazirlar darajasidagi mehmonlar hamda bir qator xorijiy davlatlarning konsullari tashrif buyurdi.
Mazkur tadbir doirasida Barselonaning 60 ga yaqin yirik turoperatorlari ishtirokida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus taqdimot o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning sayyohlik yo‘nalishlari, yangi turistik mahsulotlari, transport-logistika imkoniyatlari hamda investitsion salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berilib, targ‘ibot videoroliklar namoyish etildi. Taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, qator hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim zamin yaratdi.
B-Travel koʻrgazmasi Yevropadagi yirik turizm platformalaridan biri boʻlib, har yili minglab tashrif buyuruvchilar va yuzlab ishtirokchilarni jamlaydi.
Oʻzbekistonning ushbu koʻrgazmada hamkor mamlakat sifatida ishtirok etishi mamlakat turizm brendini xalqaro miqyosda yanada mustahkamlash, yangi bozorlarni ochish va sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.








