Namangan turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar o‘rganildi
2026-03-18 12:45:00 / Yangiliklar

Dastlabki manzil Namangan shahridagi Lutfiy va Bank ko‘chalari kesishmasida joylashgan Turizm ko‘chasi bo‘ldi. Bu yerda hududni yanada obodonlashtirish va sayyohlar uchun jozibador maskanga aylantirish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.
Navbatdagi manzil Gulchilik markazi bo‘lib, bu yerda infratuzilma obyektlarini yaxshilash orqali hududni yirik sayyohlik markaziga aylantirish yuzasidan takliflar berildi.
Shuningdek, “Aisha Group” tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “Qamchiq Mountains Resort” loyihasi taqdimoti bilan ham tanishildi. Ushbu loyiha hududning turistik jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shundan keyin Axsikent arxeologiya parki hamda Sirdaryo bo‘ylarida amalga oshirilayotgan turizm loyihalari va istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi.
Tashrif doirasida Chust tumani Sadacha MFYda 16 gektar maydonda barpo etilayotgan hunarmandlar shaharchasi loyihasi bilan tanishildi. Shuningdek, Pansada mahallasini milliy an’analar saqlangan holda Hunarmandlar mahallasi sifatida shakllantirish rejalari ham muhokama qilindi.
So‘nggi manzil Gova qishlog‘ida hududni turizm qishlog‘iga aylantirish, infratuzilma obyektlarini rivojlantirish va qo‘shimcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishildi.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish orqali viloyatda turizm infratuzilmasi yanada rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda hududning sayyohlik salohiyati oshishi kutilmoqda.









