“Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida maxsus chegirmalar joriy etiladi
2026-03-12 17:55:00 / Yangiliklar

Xususan, “Yoshlar turizmi haftaligi” kunlari davomida “Vaqf” xayriya jamoat fondiga biriktirilgan ziyoratgohlarda belgilangan preyskurant bo‘yicha kirish narxlariga 10 foizlik chegirma berilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Madaniy meros agentligi tasarrufidagi Davlat muzeylariga bayram kunlari davomida zaruriyatga ko‘ra quyidagilar tavsiya berilgan:
madaniy meros obyektlari va davlat muzeylarining ochiq bo‘lishi;
madaniy meros obyektlari va davlat muzeylari kirish chiptalariga 10 foizlik chegirma e’lon qilinishi.
Shu bilan birga, turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonalar, mehmon uylari va boshqa joylashtirish vositalarida ixtiyoriy ravishda 20 foizgacha maxsus bayram chegirmalari taqdim etilmoqda. Mazkur chegirmalar mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoit yaratib, “Yoshlar turizmi haftaligi”ni mamlakatimizning turli hududlarida maroqli o‘tkazish imkonini beradi. Bu esa yoshlarning tarixiy va madaniy merosimizga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat teatrlarida teatr muxlislari 21-27-mart kunlari “Teatr tomoshalar haftaligi” doirasida bepul tomoshalar namoyishiga ochiq kassalardan taklifnoma olish orqali tashrif buyurishlari mumkinligi ma’lum qilinadi.
