Turizm qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi
2026-03-12 17:50:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Bobokalonov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori T.Teshabayev, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Bobokalonov so‘zga chiqib, bugungi kunda turizm sohasida yuz berayotgan tub o‘zgarishlar, jahon turizm bozoridagi zamonaviy tendensiyalar, soha mutaxassislari oldiga qo‘yilayotgan yangi vazifalar, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, talabalarning amaliyotlarini samarali tashkil etish, ularni ish bilan ta’minlash, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, talabalar tomonidan innovatsion loyihalarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish kabi dolzarb masalalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida olib borilayotgan hamkorlik ishlari, talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
Mazkur hamkorlik kelgusida turizm sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish hamda yoshlarning bandligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.









