“MITT 2026” turizm ko‘rgazmasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda
2026-03-12 17:35:00 / Yangiliklar

Mazkur yirik xalqaro ko‘rgazmada tashkil etilgan Milliy stendimizda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, “Uzbekistan Airways” AJ, “Silk Road Samarkand” turistik markazi hamda 10 dan ortiq turistik kompaniyalar vakillari mamlakatimizning diqqatga sazovor sayyohlik yo‘nalishlari, YUNESKO madaniy merosi ro‘yxatidan joy olgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar bag‘rida joylashgan ko‘hna me’moriy yodgorliklar, zamonaviy ko‘ngilochar maskanlar, respublikaning turli viloyatlarida joylashgan ko‘plab turizm obyektlari hamda o‘zbek xalqining urf-odatlari, milliy taomlari, san’ati va boy madaniy merosi haqida ma’lumotlarni taqdim etishmoqda.
Ko‘rgazmaning ishbilarmonlik dasturi doirasida turistik kompaniyalar, turoperatorlar, aviakompaniyalar hamda soha tashkilotlari vakillari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, yangi turistik marshrutlarni muhokama qilish va mamlakatning turistik imkoniyatlarini xalqaro bozorda targ‘ib etishga qaratilgan G2B va B2B uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston boy tarixiy merosi va madaniy xilma-xilligi bilan rossiyalik sayyohlarni o‘ziga jalb etib, ular orasida eng ommabop TOP-10 turistik yo‘nalishlar qatoridan joy olgan.
MITT — bu turizm va mehmondo‘stlik sanoatining xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib, u Moskvada 30 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tadbir turizm sohasidagi eng yirik va muhim B2B platformalardan biri bo‘lib, har yili dunyoning turli mamlakatlaridan soha mutaxassislarini bir joyga jamlaydi.









