Turizmni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik: O‘zbekiston — WTTC Global Summit uchun istiqbolli maydon
2026-03-09 18:40:00 / Yangiliklar

Berlinda bo‘lib o‘tgan “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasida WTTC bilan hamkorlikni rivojlantirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov va WTTC prezidenti Gloria Guevara Manzo mamlakatning tashkilot global tashabbuslarida ishtirok etish istiqbollarini hamda turizm sohasi standartlarini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Xususan, WTTC tahliliy ma’lumotlaridan foydalangan holda turizmning O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasini aniq baholash, investitsiya imkoniyatlarini ilgari surish, yetakchi xalqaro mehmonxona va restoranlar tarmoqlarini jalb etish, shuningdek, mamlakatning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning WTTCga a’zo bo‘lishi, WTTC bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash (Saudiya Arabistoni, Italiya, Malta tajribasi asosida) bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Ushbu hamkorlik doirasida turizm sohasining chuqur analitik tadqiqotini o‘tkazish, WTTC a’zolari va investorlar bilan B2B/B2C uchrashuvlar tashkil etish, investitsion loyihalar hamda O‘zbekiston turizm brendini WTTC platformalarida taqdim etish, shuningdek barqaror va raqamli turizm masalalarida ekspert ko‘magini olish rejalashtirilgan.
Mazkur omillarni inobatga olgan holda, “WTTC Global Summit” yoki tashkilotning hududiy sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish mantiqiy qadam sifatida qaralmoqda. Sammitning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatni barqaror va raqamli turizm platformasi sifatida namoyish etish, xalqaro kompaniyalar va investorlarni jalb qilish hamda O‘zbekistonning jahon turizm xaritasidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


