Berlindagi xalqaro turizm yarmarkasi O‘zbekiston sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda
2026-03-04 18:05:00 / Yangiliklar

Unda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro yarmarkada, shuningdek, dunyoning 170 dan ortiq davlatidan 5800 ta turizm, gastronomiya, logistika, turizm texnologiyalari kabi sohalarga ixtisoslashgan yirik kompaniya va firmalar, xalqaro ekspertlar qatnashmoqda.
Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan milliy stendda yurtimizda faoliyat yuritayotgan sayyohlik kompaniya va firmalari O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlarini namoyish qilishmoqda. Mamlakatimiz milliy stendida O‘zbekiston turistik salohiyatiga bag‘ishlangan videoroliklar, ko‘rgazmali suratlar, gastronomik va boshqa turli sayyohlik imkoniyatlari taqdim etilmoqda.
Yarmarka doirasida O‘zbekiston milliy stendida Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov tomonidan yarmarkada ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarni o‘tkazmoqda.
Xususan, Germaniya, Xorvatiya, Armaniston turizm vazirliklari delegatsiyalari hamda Yevropa hududidagi Turk-islom birligi tashkiloti rahbariyati, “Private Palace Hotels & Resorts”, “Expedia Group”, “Amadeus IT Group” kompaniyalari, shuningdek, Fransiyaning “IFTM Top Resa” xalqaro turistik ko‘rgazmasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, mahalliy va xorijiy sayyohlar va turkompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar, turizm infratuzilmasi va mamlakatimizda mazkur sohada olib borilayotgan jadal islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda.
Bundan tashqari, yarmarkada ishtirok etayotgan yurtimiz sayyohlik kompaniyalari vakillari xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish hamda turizm oqimini oshirish maqsadida bir qator xorijiy sheriklar bilan B2B formatida samarali muzokaralar o‘tkazmoqdalar.









