O‘zbekiston shaharlari Osiyodagi eng go‘zal Top-30 taligida
2026-02-26 15:35:00 / Yangiliklar

Maqola muallifi O‘zbekistonni mintaqaning eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida eʼtirof etib, uning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror arxitekturasi va Buyuk Ipak yo‘li shaharlarining o‘ziga xos muhiti haqida fikr bildirgan. Materialda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining mintaqa sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Agneshka Franus tarixiy obyektlarning yuqori darajada saqlangani va jozibador ekanini taʼkidlaydi.
Nashrda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan meʼmoriy yodgorliklarga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, Registon ansambli, Shohi Zinda majmuasi, Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Buxoroning tarixiy markazi Ark qo‘rg‘oni va Poyi Kalon ansambli, Xiva shahridagi noyob meʼmoriy majmua – Ichan qalʼa yodgorliklari shular jumlasidandir.
Shuningdek, nashrda sayohatchilar uchun zamonaviy sharoitlar, jumladan, rivojlangan transport infratuzilmasi, sayyohlik xizmatlarining mavjudligi va mahalliy aholining juda mehmondo‘stligi tavsiflangan. O‘zbekistonning milliy taomlari, ovqatlarning xilma-xilligi, choy ichish va mehmon kutish anʼanalari bilan bog‘liq madaniy xususiyatlar xususida ham so‘z yuritilgan.
Jurnalist mamlakat bo‘ylab sayohat xavfsizligi, mustaqil sayohat qulayligi, turistik xizmatlar narxi va sifatining qulay nisbatiga eʼtibor qaratadi. Taʼkidlanishicha, oldindan tuzilgan marshrut bo‘lmasa ham, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qulay va taassurotlarga boy bo‘lib qolaveradi.
Bundan tashqari, maqolada mamlakatning tabiiy-geografik xususiyatlari, jumladan, cho‘l va tog‘ landshaftlari, mintaqaning Buyuk Ipak yo‘lining asosiy tuguni sifatidagi tarixiy ahamiyati haqida so‘z boradi. Qoraqalpog‘iston va Xorazmning qadimiy qalʼalariga sayohatning tavsifi alohida qiziqish uyg‘otadi.
Umuman olganda, material yorqin ifodalangan ijobiy ruhda yozilgan bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro maydonda xavfsiz, mehmondo‘st va yuksak turizm salohiyatiga ega madaniy boy davlat sifatidagi ijobiy imidjini shakllantirishga xizmat qiladi.



