O‘zbekiston Hindistondagi eng yirik xalqaro turizm ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda
2026-02-25 17:15:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun: 50 dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan ziyod stendni birlashtirgan hamda dunyo bo‘ylab 40 000 dan ortiq ishtirokchini jalb qilgan mazkur ko‘rgazma sayohat sanoatidagi eng yirik anjumanlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Ushbu xalqaro ko‘rgazmada 2023-yildan buyon har yili ishtirok etib kelinayotgan Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan milliy stendda O‘zbekistonning 10 ta turistik kompaniyasi hamda “Uzbekistan Airways” AJ o‘z taqdimotlarini o‘tkazmoqda. Unda mamlakatimizning jozibador sayyohlik yo‘nalishlari, diqqatga sazovor madaniy maskanlari, yangi infratuzilma obyektlari, shuningdek, hindistonlik sayyohlar uchun maxsus takliflar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma davomida xorijiy ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning turizm salohiyati, boy madaniy va tarixiy merosi haqida batafsil ma’lumot berilmoqda.
Mamlakatimizni nafaqat Hindistonda, balki Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham faol targ‘ib etish hamda xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida konferensiya va seminarlarda ishtirok etish, sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish va B2B uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, bugun tadbirning birinchi kunida delegatsiya a’zolari hamda Hindistonning bir qator turistik kompaniyalari, jumladan “Air India (Airlines)”, “NIMA Association” va “UTEN Association” kabi yirik tashkilotlar rahbariyati vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish, qo‘shma turistik paketlarni ishlab chiqish, shuningdek, Hindiston sayyohlarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha marketing va targ‘ibot loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, mamlakatimizning tarixiy shaharlari salohiyatini targ‘ib qilish hamda yirik xalqaro va marosim tadbirlarini tashkil etish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Mazkur tadbirda ishtirok etish Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





