O‘zbekiston nufuzli VETA Awards xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi
2026-02-25 10:10:00 / Yangiliklar

"VETA Awards" mukofoti turizm va mehmondo‘stlik sanoatiga ixtisoslashgan yetakchi “Versatile Media” media kompaniyasining asosiy platformasi hisoblanadi. 2013-yil yanvar oyida tashkil etilgan kompaniya, shuningdek, turizm sohasidagi dolzarb yangiliklar va asosiy tendensiyalarni, jumladan, turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxona biznesi, aviakompaniyalar va milliy turizm kengashlari faoliyatini yoritadigan “TravelScapes” umumhindiston sayohat jurnalini nashr etadi.
“VETA Awards” mukofoti “SATTE” bilan hamkorlikda o‘tkazilib, turizm sohasidagi jahon yetakchilari va asosiy milliy ishtirokchilarni yagona B2B platformasida birlashtirishni maqsad qilgan. Ushbu mukofot lyuks sayohatlar va mehmondo‘stlik sohasidagi ilg‘or tajriba, innovatsiyalar hamda ulkan yutuqlarni e’tirof etish uchun xizmat qiladi.
Tadbirda lyuks mehmonxonalar va kurortlar, aviatsiya va xususiy charter kompaniyalari vakillari, sayohat dizaynerlari, turizm kengashlari, korporativ rahbariyat, shuningdek, mashhurlar, inflyuyenserlar va premium turmush tarzi brendlari jamlanadi. “VETA Awards” nufuzli ishbilarmonlik muhitini shakllantiradi, xalqaro miqyosda tanilishni ta’minlaydi hamda yuqori darajadagi sayohat va turmush tarziga qiziquvchi auditoriya bilan bevosita muloqot qilish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
O‘zbekistonga ushbu nufuzli mukofotning berilishi mamlakatimiz turizm sohasining jadal rivojlanayotgani, dunyo bozoridagi o‘rni mustahkamlanib borayotgani va jahon sayyohlik hamjamiyati tomonidan qiziqish ortib borayotganining muhim xalqaro e’tirofidir.
