Sirdaryoda turizmni rivojlantirishda davlat va xususiy sektor o‘rtasida ochiq muloqot
2026-02-10 17:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Sirdaryo viloyati hokimligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda 40 ga yaqin tadbirkorlar, jumladan turoperatorlar, mehmonxona va restoran biznesi vakillari, transport xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar, dam olish maskanlari rahbarlari hamda madaniy muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida viloyatda tibbiy, sport, ekoturizm, agro, gastronomik, ov va dam olish turizmi yo‘nalishlarini rivojlantirish, yo‘lbo‘yi servis xizmatlarini kengaytirish, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda yangi turistik mahsulotlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Respublika ishchi guruhi rahbari A.Aqqulov tomonidan o‘tkazilgan taqdimotda Sirdaryo viloyatida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar atroflicha yoritildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan barcha taklif va murojaatlar tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘rganilishi, qonuniy tartibda amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan ishlar davom ettirilishi qayd etildi.
Navbatdagi uchrashuvlar Samarqand viloyati, Samarqand shahrida 11-fevral kuni soat 17:00da “Movenpick” mehmonxonasida (Shohrux Mirzo koʻchasi, 53) joylashtirish vositalari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari vakillari hamda 12-fevral kuni soat 17:00da Yoshlar markazi binosining kichik faollar zalida (Abdurahmon Jomiy ko‘chasi, 63) turoperatorlar, gidlar, transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar vakillari va hunarmandlar ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun: Husniddin Mirzaqulov, (91) 708-91-19.
Mazkur uchrashuvlarda ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘ting.






