Respublika ishchi guruh Sirdaryodagi yangi turizm loyihalari bilan tanishdi
2026-02-10 15:05:00 / Yangiliklar

Respublika ishchi guruhi dastavval Sirdaryo tumani “Kamolot” mahallasi hududidagi “Sohil makon” ekoturizm kompleksini tashkil etish loyihasi bilan tanishishdi. Unda 75 gektar yer maydonini master-reja asosida rivojlantirish, hududda faol turizm obyektlari, sog‘lomlashtirish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, suv bo‘yicha dam olish maskanlari va so‘qmoqlar yaratish rejalashtirilgan.
Ishchi guruh keyingi obyekt sifatida “Ravon arena” dam olish maskanida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Dam olish maskanida loyihaning ikkinchi bosqichida qo‘shimcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Navbatdagi tashrif manzili Sirdaryo tumanida “Kamolot” mahallasining Sirdaryo daryosi bo‘yida rekontruksiya qilinayotgan sobiq dam olish maskani bo‘ldi. Ushbu maskanda yozgi va qishgi cho‘milish maskanlari, oilaviy va jamoaviy dam olish uchun 7 ta apart mehmonxonalar, bolalar uchun yozgi o‘yin maydonchalari, mini zoopark, turli sport maydonchalari va baliq ovlash joylari tashkil etilmoqda.
Ishchi guruh Sayxunobod tumanidagi “O‘rikzor” mahallasi hududida joylashgan dam olish maskanida yaratilgan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari bilan tanishdi. Shuningdek, maskanda turistlarni qabul qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Maskanni qishki mavsumda ham to‘liq bandligini ta’minlash maqsadida cho‘milish obyektlarini qishki mavsumda ham faoliyat yuritishini ta’minlash va qo‘shimcha xizmat turlarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mahalliy tadbirkorlar tomonidan Toshkent–Samarqand magistral yo‘li bo‘yida tashkil etilayotgan poliz (qovun) mahsulotlari bozorida yaratilayotgan sharoitlar o‘rganildi.









