Turizm qo‘mitasida TDIU magistratura talabalari amaliy loyihalar himoyasi bo‘lib o‘tdi
2026-01-22 15:05:00 / Yangiliklar

Amaliy loyiha himoyasida 29 nafar talabaning turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan 26 ta innovatsion va dolzarb tashabbuslari namoyish etildi. Loyihalar raqamli texnologiyalar, ekologik va etnoturizm, infratuzilma, servis xizmatlari hamda hududiy turizmni rivojlantirish yo‘nalishlarini qamrab oldi. Har bir loyiha hududiy imkoniyatlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Xususan, Farg‘ona viloyatida hunarmandchilik va turizm integratsiyasiga bag‘ishlangan “ArtisanTour” modeli, Buxoro viloyati Qoravulbozor tumanida "Sardoba" turistik xonasini tashkil etish, Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanida Maydanak observatoriyasi yaqinida astronomik zona barpo qilish, Qoraqalpog‘istonda Ustyurt turistik zonasini tashkil etish, Orolbo‘yi hududida xalqaro turistik ko‘rgazmalar o‘tkazish kabi loyihalar katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, eco-safari, bird-watching, hayking marshrutlari, glemping va eco uylar tashkil etishga qaratilgan takliflar barqaror turizm rivojiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Talabalar tomonidan raqamli platformalar va mobil ilovalar yaratishga doir loyihalar ham ilgari surildi. Jumladan, “UzTour” onlayn platformasi, raqamli gid, sayohat sherigi topish ilovasi hamda etnografik turizmni rivojlantirishga mo‘ljallangan loyihalar zamonaviy texnologiyalarni turizmga joriy etish imkoniyatlarini namoyon etdi.
Himoya yakunida taqdim etilgan loyihalar mutaxassislar tomonidan ijobiy baholanib, ularning amaliyotga tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi. Ushbu tadbir magistrantlarning ilmiy-tadqiqot ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qiluvchi yangi g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi.









