«Первый канал» Toshkentni «Повара на колесах» ko‘rsatuvida namoyish etdi
2026-01-20 17:30:00 / Yangiliklar

Ko‘rsatuv loyiha ijodiy guruhining 2025-yil 12–18-sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi davomida tayyorlandi. Ushbu davrda suratga olish jamoasi poytaxtning tarixiy, madaniy va gastronomik merosi bilan yaqindan tanishdi. Loyiha asosiy maqsadi O‘zbekistonning sayyohlik jozibadorligini targ‘ib qilish hamda rossiyalik tomoshabinlarning mamlakat bo‘ylab sayohatlarga bo‘lgan qiziqishini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Rossiyalik mashhur oshpazlar Anton Ivnitskiy va Eduard Pogosov Ko‘kaldosh madrasasi hamda shaharning markaziy maydoni kabi muhim tarixiy obidalarga tashrif buyurdilar. Suratga olish jarayonida ular milliy taomlar bilan tanishib, shuningdek, havo sharida parvoz qilib, poytaxtning betakror manzaralarini qush parvozi balandligidan tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Dastur Toshkentning zamonaviy sayyohlik muhitini va boy gastronomik rang-barangligini yorqin aks ettirdi. Poytaxtning eng mashhur sayyohlik ko‘chalaridan biri — “Sayilgoh”da rossiyalik oshpazlar mahalliy mahsulotlardan foydalangan holda mualliflik taomlarini tayyorladilar, degustatsiya esa shahar aholisi va mehmonlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
«Повара на колесах» shousining tomoshabinlar auditoriyasi 18 milliondan ortiq ekanini inobatga olsak, mazkur maxsus son O‘zbekistonning turistik salohiyatini Rossiya bozorida targ‘ib qilishda samarali vosita bo‘ldi.






