Xalqaro diplomatiya orqali turizm oqimini oshirish — ustuvor vazifa
2026-01-18 09:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov tomonidan mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirokida Davlatimiz rahbari tomonidan turizm sohasi oldida qo‘yilgan vazifalarni samarali va to‘liq amalga oshirish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi va fikrlar almashildi.
Shuningdek, Turizm qo‘mitasi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar o‘rtasida turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro turizm ko‘rgazmalari va yarmarkalarda O‘zbekiston brendini ilgari surish, turistik marshrutlar va xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
Tadbir davomida elchilar mamlakatimizning tarixiy, madaniy va tabiiy boyliklarini targ‘ib qilishda innovatsion usullarni joriy etish, xorijiy investorlar va tur operatorlari bilan bevosita muloqotlar o‘rnatish zarurligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mehmonxona va transport xizmatlarini yaxshilash hamda xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida barcha ishtirokchilar turizm sohasidagi vazifalarni amalga oshirishda tizimli va uzviy ish olib borishga, hamkorlik va tajriba almashish orqali O‘zbekistonni xalqaro turizm xaritasida yanada raqobatbardosh va jozibali mamlakat sifatida tanitishga qaratilgin barcha sa’y-harakatlarni izchil amalga oshirishga kelishib oldilar.







