O‘zbekiston — eng tez rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishlaridan biri
2026-01-16 10:00:00 / Yangiliklar

Maqolada BMT-Turizm hisobotiga oid natijalar tahlil qilinadi. Ushbu hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yil yanvar–sentyabr oylarida xalqaro turizm eng tez o‘sayotgan yetti mamlakat qatoridan joy olgan. Muallif ta’kidlashicha, mamlakatga kelgan sayyohlar oqimi 2019-yilga nisbatan 73 foizga oshgan.
Materialda turizmning iqtisodiy samaradorligiga alohida e’tibor qaratiladi. Qayd etilishicha, turistik eksportdan tushgan daromadlar 3,74 milliard yevroga yetgan, 2025-yil noyabr holatiga ko‘ra xorijiy tashrif buyuruvchilar soni dastlabki prognozlardan oshib, 10,7 million nafarni tashkil etgan. Shuningdek, sayyohlarning o‘rtacha qolish muddati uzaygani soha daromadliligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlanadi.
Sharhda bunday jadal o‘sish sabablari batafsil yoritiladi. Asosiy omillar sifatida turizm infratuzilmasiga yo‘naltirilgan yirik investitsiyalar, mehmonxona fondining oshishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi hamda qariyb 100 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani ko‘rsatiladi. Davlatning faol roli va turizm sohasining “O‘zbekiston–2030” milliy rivojlanish strategiyasiga kiritilgani ham alohida qayd etiladi.
Maqolada, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi marketing va imidj siyosati tahlil qilinadi. Yirik xalqaro turizm ko‘rgazmalarida ishtirok etish, Rossiya va Xitoyda “O‘zbekiston Turizm yillari”ni o‘tkazish, global ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar bilan hamkorlik mamlakatimizga bo‘lgan turistik qiziqishni oshirishda muhim omillar sifatida baholanadi.
Xulosa qismida muallif O‘zbekistonning sayyohlik jozibadorligiga to‘xtalib, asosiy yo‘nalishlar sifatida Samarqand, Buxoro, Xiva, Nukus va Marg‘ilon shaharlarini sanab o‘tadi. Boy tarixiy-madaniy meros, faol davlat siyosati va xalqaro targ‘ibot uyg‘unligi O‘zbekistonni Osiyodagi yetakchi sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida mustahkam obrazini shakllantirayotgani ta’kidlanadi.
