Xitoyda “Visit Uzbekistan” jurnalining maxsus soni nashr etildi
2025-12-26 09:45:00 / Yangiliklar

Nashrning maqsadi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda keng targ‘ib qilish, uning boy madaniy merosi va an’analari bilan tanishtirish, shuningdek, mamlakatimizga xitoylik sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishdan iborat.
Jurnal sahifalarida O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati, mamlakatimizning boy madaniy va sayyohlik salohiyati, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari, sayyohlik markazlari, milliy an’ana va urf-odatlar, hamda yangi sayyohlik yo‘nalishlari haqida maqolalar o‘rin olgan.
Yurtimizga tashrif buyurishni istagan xitoylik sayyohlar jurnaldan O‘zbekistonning muhim sanalari, viza siyosati, muloqot uchun zarur o‘zbekcha so‘z va iboralar, diqqatga sazovor joylar, milliy taomlar va boshqa shu kabi muhim ma’lumotlarni olishlari mumkin.
Jurnal Xitoyda o‘tkaziladigan madaniy-turistik tadbirlarda keng qo‘llaniladi hamda Xitoy vazirlik va idoralari, yetakchi blogerlar va ommaviy axborot vositalari orasida tarqatiladi.
“Visit Uzbekistan” jurnali O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar va ishbilarmonlarga mamlakatimiz madaniyati, tarixi, san’ati, milliy taomlar va bugungi kundagi voqealari haqida ma’lumot beruvchi nashrdir. Jurnalning Berlin, Dehli, London, Madrid, Moskva, Parij, Pekin, Singapur, Seul, Tokio kabi shaharlarda 14 tilda 50 dan ortiq soni nashr etilgan.




