Tokio shahridagi “Shibuya” chorrahasidagi ekranda O‘zbekiston sayyohlik salohiyati targ‘ib qilinmoqda
2025-12-17 18:30:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan yurtimizning turizm salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Yaponiyaning eng yirik (hajmi 424 m2) tashqi ekranda O‘zbekistondagi qadimiy obidalar, tarixiy shaharlarimiz, mamlakatimiz tabiatining go‘zalligi va madaniy rang-barangligini o‘zida aks ettirgan videolavhalar namoyish etilmoqda. Ta’kidlash kerakki, bunday targ‘ibot tadbirlari yurtimiz ijobiy imidjini shakllantirish, xorijiy sayyohlar va investorlarni jalb etish, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Roliklar “Shibuya Sky Tower” osmono‘par binosining tashqi ekranida ham namoyish etilmoqda. Bu bino ham Shibuya chorrahasida joylashgan.
Tokio shahrining markazida joylashgan Shibuya chorrahasi dunyoning eng gavjum piyodalar o‘tish chorrahasi hisoblanib, undan bir vaqtning o‘zida 3 mingdan ortiq piyoda o‘tadi. Dam olish kunlari ushbu chorrahadan 2,5 millionga yaqin inson foydalanadi. Shibuya chorrahasi yaqinida Tokioning eng mashhur turizm obyektlaridan biri bo‘lgan mashhur “Hatiko” itining haykali ham joylashgan. Chorraha yonida Yaponiyaning eng yirik stansiyalaridan biri – “Shibuya” stansiyasi va avtobus terminali joylashgan bo‘lib, bir kunda ushbu bekatdan 5 millionga yaqin inson foydalanadi.



